20.04.2020 23:32
59
Koronavirus pandemiyasi sabab butun dunyo mamlakatlariga kirish cheklandi. Ayni damda ko‘plab o‘zbekistonliklar chet elda qolib karantinda o'tirishibdi. Qatarning “Qatar SK” klubi futbolchisi Sardor Rashidov ham hozirgi kunda oilasi bilan Qatarning Doha shahrida bo‘lib turibdi. Barcha aviaqatnovlar to‘xtatilgani bois Rashidov O‘zbekistonga qayta olmadi. Bu haqda uning o‘zi bilan jurnalist Jahongir Sotvoldiyev gaplashganida quyidagicha izohlab berdi.
“Qatarda qolishimning birinchi sababi, Qatar Yulduzlar Ligasi yakunlanishiga 5 ta tur qolgan edi. Shuning uchun ham Qatar futbol federatsiyasi hech kimga ketishga ruxsat bermadi. Chempionatning qolgan 5 ta tur uchrashuvini o‘tkazib, musobaqani yakunlashimiz kerak. Balki joriy yilning may oyida qolgan 5 ta o‘yinni o‘tkazishimiz ham mumkin. Shuning uchun ham Qatarda qoldim. Shu oy oxirida jamoalarga mashg‘ulot o‘tkazish uchun ruxsat berishlari kutilmoqda.
Hozirgi paytda Qatarda vaziyat yaxshi deb bo‘lmaydi. Koronavirus yuqtirib olganlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Bu yerda jiddiy nazorat ostida karantin o‘rnatilgan. Barcha ommaviy joylar yopib qo‘yilgan. oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar ishlab turibdi. Kafe va restoranlar buyurtma qilishingiz uchun ishlayapti. Shunda bo‘lsa ham odamlar barcha ko‘rsatmalarga amal qilib, masofa saqlab, niqoblar taqqan holda ko‘chalarda bemalol harakatlanishmoqda. Bemalol avtomobil haydab yurishingiz mumkin. Bu uchun hech qanday cheklovlar qo‘yilmagan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv olganligim bois, joriy yilning 19-mart kuni O‘zbekistonga qaytishim kerak edi. Shu kunga chipta ham xarid qilib qo‘ygandim. Afsuski koronavirus pandemiyasi sabab 16-mart kuni barcha aviaqatnovlar to‘xtatildi va men oilam bilan Qatar davlatida qolib ketdim. Koronavirus nafaqat sportga, balki barcha sohalarga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Koronavirus sabab tushkunlikka tushib qolmadim. Qatarda bo‘lamanmi yoki O‘zbekistonda barchasi Allohdan. Karantin bo‘lgani bois uy sharoitida mashg‘ulot o‘tkazib turibman. Yugurish uchun ko‘chaga chiqyapman.
Qatarda mendan boshqa o‘zbekistonliklar ham bor. Qatarda qolib ketgan o‘zbeklar ko‘plab topiladi. Shunday bo‘lsa ham Qatar hukumati ularni shunday qo‘yib qo‘ymaydi. Yashab turishi uchun ularga yordam berishmoqda. Nasib qilsa barchasi yaxshi tomonga o‘zgaradi va oldingiday hayot kechirishni boshlaymiz“, - dedi Sardor Rashidov.
Ma’lumot o‘rnida, Sardor Rashidov Qatarning “Qatar SK” jamoasi safida mamlakat chempionatida joriy mavsum 16 uchrashuvda maydonga tushib, 6 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.
Ayni damda Qatarda 5448 nafar inson koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. 8 kishi ushbu virus tufayli vafot etgan. 518 kishi COVID-19 virusidan butunlay sog‘ayib ketgan.